Yozyovon tumani «Qoratepa» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Sh.K.ning xarid qilingan mebel to‘plamidagi nuqsonlar va ushbu masalada sotuvchiga qilgan murojaatlari e’tiborsiz qoldirilayotganligi borasidagi murojaati o‘rganildi.
Yozma murojaatda bayon qilinishicha, iste’molchi yakka tartibdagi tadbirkor A. R.ga mebel to‘plami uchun 7 750 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Tayyor mebellar xonadonga o‘rnatib ketilgach, ularning ayrimlarida birin-ketin nuqsonlar yuzaga chiqa boshlagan. Holat bo‘yicha sotuvchiga qilgan murojaati bilan esa muammo yechim topmagan.
Murojaat tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari, mazkur talablarini bajarmaslik natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada iste’molchiga sotilgan to‘plamdagi mebellar boshqa, maqbul sifatdagisiga almashtirilib berilishiga erishildi. Muammosi ijobiy hal etilganidan xursand bo‘lgan iste’molchi tuman jamiyati xodimlariga yozma ravishda minnatdorchilik bildirdi.
Mamuraxon UMAROVA,
tuman jamiyati raisi.